ANVAR YUSUPOV TURKISTONDA AFROSIYOB MEROSI

📅 Mart 21, 2025 📂 ASAYİŞ 🔊
ANVAR YUSUPOV TURKISTONDA AFROSIYOB MEROSI

TURKISTONDA AFROSIYOB MEROSI

Anvar YUSUPOV

Annotatsiya

Maqolada Turon saltanatining asoschisi Afrosiyobning tarixiy shaxs sifatidagi davlat boshqaruvi faoliyati ilmiy manbalar asosida tadqiq etilgan. Tarixiy manbalarning oʻzbek, turk, rus va ingliz tillaridagi tarjimalari original (yunon, lotin, arab, fors) tillaridagi matnlari bilan qiyosiy tahlili asosida xulosa qilingan. Tadqiqotda sifat tahlili usuli hamda tarixiy hujjatlar bilan ishlash metodikasidan foydalanildi.

Kalit soʻzlar: Afrosiyob, Alp Er Toʻngʻa, Turon, Turklar, Oʻgʻuzlar, Skiflar…

Abstract

The article examines the governance activities of Afrasiyab, the founder of Turan Empire, as a historical figure based on scientific sources. Conclusions are drawn through comparative analysis of historical sources translated into Uzbek, Turkish, Russian, and English, along with their original texts (in Greek, Arabic, and Persian). The document scanning technique, a qualitative research method, was used in the study.
Keywords: Afrasiyab, Alp Er Tunga, Turan, Turks, Oghuzs, Scythians…
Annotatsiya
В стате исследуется деятелность Афрасиаба, основателя государства Туран, как исторической личности, на основе научных источников. Выводы сделаны путем сравнителного анализа исторических источников, переведенных на узбекский, турецкий, русский и английский языки, а также их оригиналных текстов (на греческом, латинском, арабском и персидском языках). В исследовании исползованы методы качественного анализа и работы с историческими документами.

Ключевые слова: Афрасиаб, Алп Эр Тунга, Туран, Тюрки, Огузы, Скифы…

Kirish
Afrosiyobning merosini Samarqand shahridagi Registondan boshlamoqchimiz. Chunki bu mahobatli majmua nafaqat shaharning balki butun Turon zaminining shonli tarixini oʻzida aks ettirgan. Maydonning chap tomonida Mirzo Ulugʻbek madrasasi oʻz davrida jahon ilm-fanining eng yuqori choʻqqisiga chiqqan, buyuk Amir Temurning Turon deb nomlangan saltanati poytaxtida, eng katta va eng shonli ilm dargohi sifatida bunyod etilgan. Oʻz davring eng yetuk va eng mashhur olimlari dunyoning turli tomonlaridan kelgan talabalarga dars berish barobarida, yer va samoga oid ilmiy kashfiyotlar bilan mashgʻul boʻlganlar. Roʻparadagi bino esa, Tillakori jome masjidi – Turon-Islom meʼmorchiligi sifatida muqaddas Qurʼon oyatlari va hadislar, qadim Sharq hikmatlari xattotlikning eng goʻzal namunalarida turkuaz qoshinlarga hamda oltinga naqsh etilgan. Ushbu maqolamizning tahliliga majmuadagi uchinchi bino – Sherdor madrasasining peshtoqi orqali kiramiz.
Bino peshtoqidagi tasvir klassik Islom meʼmorchiligi asarlari uchun noyob holat. Yirtqich hayvon tasviri ustida inson yuzini aks ettirgan quyosh surati. Bino esa, XVII asrda – davlat boshqaruvida ham, jamiyat mentalitetida ham Islom ahkomlari ustun mavqega ega boʻlgan davrda bunyod etilgan. Bundan tashqari, aynan ushbu tasvir Shahrisabzda Amir Temur tomonidan qurdirilgan Oqsaroyning hozirda buzilib ketgan qismida mavjud boʻlgani tarixiy manbalarda qayd etilgan. Tasvirdagi hayvon har qancha sher sifatida talqin qilingan boʻlsada, tashqi koʻrinishi va rangi ham, tanasidagi yoʻl-yoʻl chiziqlari ham uning yoʻlbars (toʻngʻa) ekanini koʻrsatadi. Samarqandning eng qadimiy qismi bugungi kungacha Afrosiyob deb nomlanganini inobatga olsak, yoʻlbars (toʻngʻa) va quyosh tasviri Turon tamaddunining asoschisi Alp Er Toʻngʻaga (Afrosiyob) borib taqaladi.

Afrosiyob (Alp Er Toʻngʻa) kim?

Avvalambor, turli manbalarda turli ismlar bilan atalgan bu zot afsonaviy emas tarixiy shaxsdir. Zardushtiylarning muqaddas kitobi “Avesto” hamda Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” dostoni kabi forsiyzabon asarlarda mashhur boʻlgan boʻlsada, “Tarix otasi” Gerodot va Rim solnomachisi Pompey Trogdan Imom Abu Jaʼfar Muhammad ibn Jarir Tabariy va Faxriddin Muborakshoh Marvarudiy kabi arab tarixchilarigacha, Beruniydan Mirzo Ulugʻbekka, Mahmud Koshgʻariydan Alisher Navoiyga, Abulgʻoziy Bahodirxondan jadid tarixchilariga qadar olimlar oʻzlarining ilmiy asarlarida tarixiy shaxs sifatida eʼtirof etadi.

“Avesto”da Alp Er Toʻng‘a Frangrasyan deb atalib, Yasht va Vendidod qismlarida qayd etilgan. Jumladan, “Aradvisur-Yasht”ning Frangrasyan haqidagi muhim original matnlaridan biri Rossiya Fanlar Akademiyasining Lingvistik tadqiqotlar institutida V.S. Sokolova tomonidan quyidagicha morfologik transkripsiya qilingan:

“tąm yaza-ta majryō tüjryō fraŋraseʻ hankajn-e pajti ajŋhā zәm -ō satәm aspa-nąm aršn-ąm, hazaŋrәm gav-ąm, baēvara anu=maya-nąm” [1:76].

Matn inglizcha va ruscha tarjimalari asosida shunday oʻgirildi: “Uni oʻsha yurtning Xonkanida turonlik Frangrasyan yuzta aygʻir ot, ming buqa, oʻn ming qoʻy bilan ulugʻlagan”.
“Xonkan” (hankajn) soʻzini manbalar orqali quyidagicha tahlil qildik: “Xonkan” Avestoning ruscha tarjimasida “Afrosiyobning qoʻrgʻoni, istehkomlari” (твердыня, укрепления Афрасяба) [1:76] deya izohlangan. Inglizcha tarjimaning izoh qismida zardushtiylarning qadimgi afsonalarida temir devorli yuzta ustunli saroyi bor joy sifatida tasvirlangani qayd etilgan.
Turkiy tilda birinchi qomusiy asar muallifi Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻot ut-turk”idagi quyidagi maʼlumotlar diqqatga sazovor: “Xan – turklarning eng katta boshliqlari. Afrosiyobning bolalari ham xan deb yuritiladi. Afrosiyob xoqondir” [4:172]. “Butun Movarounnahr Yankanddan Sharqqacha boʻlgan oʻlkalarni turk shaharlaridan deb hisoblashning asosi shuki, Samarqand (Sӛmizkӓnd), Toshkand, Oʻzkand, Tunkand nomlarining hammasi turkchadir. Kand turkcha shahar demakdir. Ular bu shaharlarni qurdilar va shunday nom qoʻydilar. Hozirgacha ham shunday keladi” [4:163].
Yuqoridagi manbalar Avestodagi “Xonkan”ni “Xonkand”, yaʼni poytaxt deya talqin qilishga imkon beradi.

Fors milliyatchiligi bilan dunyoga tanilgan Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”sida boshidan oxirigacha Afrosiyobning millati turk, davlati Turon ekani takrorlangan. Boshqa arab va turk tilidagi tarixiy asarlarda ham shunday davom etganini koʻrish mumkin.
Firdavsiyga zamondosh turkiy manbalar bir ovozdan Afrosiyob va Alp Er Toʻngʻaning bitta shaxs ekanini tasdiqlaydi.

Xususan, Yusuf Xos Hojibning donolik asari “Qutadgʻu bilig”dagi misralar zamonaviy tilimizga quyidagicha tabdil qilingan:
Turk beklari orasida oti belgilik
Toʻngʻa Alp Er edi quti belgilik.
Bilimi buyuk hunarlari talay
Bilimli, zakovatli, xalq ichra sarasi.
Tojiklari uni Afrosiyob deb ataydilar
Bu Afrosiyob ellarni oʻz tasarrufiga olib tutdi [6:102].
Mahmud Koshgʻariy esa, bu haqda keng koʻlamli maʼlumotlar berish barobarida Alp Er Toʻngʻa ismining maʼnosiga ham alohida toʻxtalib oʻtgan.
“Toʻngʻa (toŋa) – yoʻlbars (jinsidan boʻlgan bir xil hayvon). U filning kushandasidir. Bu soʻzning asosiy maʼnosi shudir. Lekin bu soʻz turklarda maʼnosi oʻzgargan holda qoʻllanadi. Bu soʻz koʻpincha, odamlarga laqab oʻrnida ishlatiladi. Chunonchi, toʻngʻaxon (toŋaxan), toʻngʻa tegin (toŋa tӛgin) va shu kabilar. Turklaring ulugʻ xoni Afrosiyobni Toʻngʻa alp er deb atar edilar. Yoʻlbars kabi kuchli bahodir odam, demakdir” [4:172].
XII asr tarixchisi Faxriddin Muborakshoh Marvarudiy uni turklarning qudrat va hikmat sohibi hukmdori deya eʼtirof etadi[26:10, 27:163].
Afrosiyobning dunyo tarixnavisligida salbiy xususiyatlarga ega tarixiy shaxs sifatida gavdalanishiga taʼsir etgan asosiy manbalar, hech shubhasiz, zardushtiylarning “Avesto”si va Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”sidir. Aslida, har ikki asarda ham bayon qiluvchilarning hissiyotlari Afrosiyobni yomonlashga qaratilgan boʻlsada, syujetdagi voqealar rivoji uning naqadar jasur jangchi, uddaburon sarkarda va buyuk davlat arbobi sifatida tan olinganini koʻrsatadi. Xususan, “Shohnoma”ning jasoratda tengsiz qahramoni, shubhasiz, Rustamdir. Muallif Rustamni boshdan oxirigacha filtan deya sifatlaydi. Afrosiyobning unvoni esa Toʻngʻa. Koshgʻariyga koʻra, toʻngʻa – filning kushandasi boʻlgan yoʻlbars. Shuning uchun ham Turonzaminda Rustamga faqat Afrosiyobgina bas kela oladi. U eronlik lashkarlarga koʻp tahlika solgan, tashvish keltirib zafarlar quchgan [30:50]. Firdavsiyning shohasarida Rustamning Afrosiyob haqidagi iqrori quyidagicha: (Бад-ӯ гуфт Рустам, ки эй паҳлавон, Ту аз ман мадор эч ранҷа равон. Ту мар хештанро нигаҳ дор сахт, Ки турки далер асту пирӯзбахт. Шавад кўҳи оҳан чу дарёи об, Агар бишнавад номи Афросиёб
)
Shunda Rustam dedi: Ey polvonlar,
Siz mendan gʻazablanmangiz.
Oʻzingizni ehtiyot qiling,
Turk jasur va gʻolib erur.
Temir togʻ ham daryodek oqar,
Afrosiyob nomin eshitsa [12:20].
Muʼtabar arab-islom tarixchisi Imom Abu Jaʼfar Muhammad ibn Jarir Tabariyning “Tarix ar-rusul val-mulk”ida shunday tanishtirilgan: “Yana Frasiyab bin Fashanj (Fashakni Fashanj bin Zʼashamin ham deyishadi) bin Rustam bin Turk (turklar undan kelib chiqqan) bin Shahrasb bin Tuj bin Afridun podshoh. Tuj va Salmni oʻldirganidan oltmish yil oʻtib Manushihr bilan jang qildi va Tabaristonda uni qamal qildi” [11:23-24].

Sharqu Gʻarbda birday eʼtibor va shuhrat topgan qomusiy alloma Abu Rayhon Beruniy ham “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”ida Afrosiyob haqida batafsil maʼlumotlar bergan. “Afrosiyob ibn Bushanj ibn Iynat ibn Rishman ibn Turk ibn Zabanasb ibn Arshasp ibn Tuj. Ismi Tuj – turk, laqabi Afrosiyob. Iroqni bosib olgan. 12 yil davom etgan” [8:131-132]. Bu oʻrinda “Toʻngʻa” (toŋa) ismining arab tilidagi talaffuzda “Tuj”ga aylanganini taxmin qilish mumkin.
Turkiy tilda barcha sohalarda asarlar yozgan Alisher Navoiyning “Tarixi muluki Ajam” kitobidagi maʼlumotlar ham shunga hamohang. “Afrosiyob. Oni baʼzilar debdurlarkim, Pushang binni Tur binni Faridun oʻgʻlidur. Chun Navdarni oʻldurdi, Eron mulkini andoq buzdiki, oz yerda maʼmurluq qoldi… Afrosiyob podshohligʻi oʻn ikki yil erdi” [16:610].
XX asrning boshlarida 6 tilda lugʻat yaratgan jadid, qomusiy olim Isʼhoqxon Toʻra Ibrat oʻzining “Tarixi Fargʻona” asarida: “Boʻquxon Afrosiyobning moʻgʻulcha ismidir. Afrosiyob laqabi “farran osiyo” degan soʻzdur”, deya maʼlumot beradi [28:35].
Bu tarixiy shaxsning ismi turli manbalarda farqli shakllarda yozib qoldirilgan boʻlib, turli xalqlar tomonidan oʻz tillarida unga berilgan nom yoki taʼrifdir — Frangrasyan, Toʻngʻa Alp Er (yoki Alp Er Toʻngʻa), Boʻquxon, Duquxon, Tanay, Afrosiyob, Frasyab, Frasyat. Ammo barcha manbalarda bitta shaxsning taʼrifi va bir xil voqealar keltirilgan boʻlib, bu ismlarning bir shaxsga tegishliligini anglash qiyinchilik tugʻdirmaydi. Nafaqat oʻzi, balki oilasi, yaqin qarindoshlari va saltanatidagi davlat ayonlarining ismlarigacha manbalarda keltirilgan. Albatta, ismlar manbalarning tiliga va auditoriyasining tushunchalariga moslangani sababli hammasi ham asl holida ifodalangan deb boʻlmaydi. Ammo har bir ism ortida alohida tarixiy shaxslar boʻlganini bildiradi.
Otasi – Pashang (Bushanj, Fashanj, Fashak); amakisi – Piron; aka-ukalari –Garsevaz, Sipahram, Andaremon, Kay Sharasf, Kay Savasf, Kidor, Xumon, Ostaxon, Julbod, Siyomaq, Bahrom, Farashxod va Farahlad, Zandaray, Xarzasf, Anddirman, Isfahrom va Axust; xotini – Gulshahr; oʻgʻillari – Barsgʻan, Barman, Arjasp (Koʻhram, Tarxon), Shahr, Shahroh, Andirmon, Shaydan; qizlari – Qaz (Farangiz, Visfafarid), Manija, Odinajon; kuyovlari – Siyovush, Bejan, Tajov; Sarkardalari – Humon, Tuvurg, Guruy, Joh, Poʻlat, Damur, Sheda, Ruin, Farshevard, Qosid, Paloshon, Mardoʻ, Arjang, Nastexon, Qoraxon.

 

Afrosiyobning Osiyodagi hukmronligi

Afrosiyobning saltanati chegaralari tarixdagi boshqa davlatlarda boʻlgani kabi oʻzgarib turgan. Uzoq yillik urushlarda goh kengaygan, goh chekingan. Ulugʻ saltanat Xitoy va Eron oʻrtasidagi ulkan hududda – Markaziy Osiyo mintaqasi va uning shimolidagi bepoyon dashtda sobit turgan. Firdavsiyga koʻra, Zobuliston va Sind dengizi, Kavkazning shimoli va janubiga qadar yetib borgan. Koshgʻariyga koʻra, shimolda Rum oʻlkalaridan Chingacha choʻzilgan. Muayyan vaqtda Eron va Iroqni ham bosib olgani bir qancha manbalarda qayd etilgan.
Faqat Afrosiyobning Eronni bosib olishi voqelarining qadimgi Eron deganda koʻpchilikning xayoliga birinchi keladigan Ahamoniylar saltanatiga aloqasi yoʻq. Tarixiy manbalarning hech birida Afrosiyob bilan urushda mashhur Ahamoniy shohlarining ismi keltirilmagan. Ahamoniylardan avval esa, Eronning gʻarbi va Iroqning shimolida Midiya davlati hukm surgan.
Turon hukmdorining tarixini turonlik olim Abu Rayhon Beruniyning xolis, betaraf va hissiyotlarsiz maʼlumotlari bilan boshlash mantiqliroq. “Afrosiyob Eronshahrni bosib olib, Tabaristonda Manuchehrni qamal qilgach, Manuchehr undan bir iltimos qildi. Afrosiyob uning iltimosini qabul etdi va Eronshahrdan bir oʻq otimi kvadrat joyni oʻziga qaytaradigan boʻldi. Aytilishicha, (oʻq) otilgan joydan to borib tushgan joyigacha ming farsah ekan. (Manuchehr va Afrosiyob) shu (oʻq) otimiga kelishishdi. Bu shu (Tirmohning oʻn uchinchi) kuni boʻlgan edi. Xalq shu kunni hayit qilib oldi. Manuchehr va Eronshahr aholisiga shu qamal (vaqtida) (shunday) qattiqchilik boʻldiki, ular bugʻdoy yanchib, non qilishga qodir boʻlmadilar, chunki uning yetilish muddati hali uzoq edi. Shu kundan (boshlab) bugʻdoy va hoʻl mevalarni qaynatish odat boʻlib qoldi. Roʻzi tirda oshxona asboblari (sindirilib) va oʻchoqlar buzib tashlanadi, chunki shu kuni Afrosiyobdan qutulgan va har kim oʻz ishiga ketgan” [8:131-132]. Shunday qilib, eronliklar Turon xoqonining marhamati tufayli ozodlikka erishgan kunini milliy bayram sifatida nishonlaydigan boʻlgan. Bu anʼana keyingi asrlarda ham davom etgan.
Alisher Navoiyning “Tarixi muluki Ajam”i buni biroz toʻldiradi: “Girshosb chogʻida Afrosiyob yana cherik tortib, Erongʻa kelib, Girshosb bila masof tuzib, razm qildi. Afrosiyob urushida Girshosb favt boʻldi” [16:610].Afrosiyob andin ham azimat qilib, Iroqi Ajam sori mutavajjih boʻldi” [16:612].
Islom olamida yuksak eʼtibor qozongan, ayni paytda gʻarb tarixchilari tomonidan ham moʻtabar manba sanaladigan Imom Tabariyning “Tarixi Tabariy” kitobida ham yuqoridagi maʼlumotlar aynan keltirilgan. Shu bilan birga, Tabariy urush keltirgan vayrongarchiliklarga ham eʼtibor qaratgan.
“Frosiyobning Bobilni zabt etishi Manushihr vafot etganidan boshlab oʻn ikki yil davom etdi… forslar bu (ozodlik) kunni bayram sifatida qabul qilganlar, chunki Frosiyobning bosqini ulardan olib tashlangan. Ular bu bayramni Navroʻz va Mihrjondan keyin uchinchi bayram qildilar. U (Zov) Frosiyob Xunarat va Bobilda xarob qilgan narsalarni qayta tiklashni va bu yerning vayron boʻlgan qalʼalarini tiklashni buyurdi” [11:114-115].
Yuqorida ketirilgan tarixiy hodisalarni antik davr manbalari ham tasdiqlaydi, faqat ularda forslar qoʻygan Afrosiyob ismi yoʻq. Aynan oʻsha voqealar Osiyo dashtlarining koʻp asrlik qahramonlari – skiflar tomonidan amalga oshirilgani qayd etilgan.

Bu davr haqida tarix otasi Gerodot yanada tafsilotli maʼlumot beradi: “Skiflar kimmeriylarni Yevropadan siqib chiqarib, ularni Osiyoga haydadi, soʻngra Midiyaga bostirib kirdi. Meotida koʻlidan Fasis daryosi va kolxlar oʻlkasiga kadar 30 kunlik yengil piyoda yoʻli bor. Skiflar Midiyaga kirdilar, faqat bu yoʻldan emas, balki toʻgʻri yoʻl qolib, yuqoridan, Kavkaz togʻlarini oʻngda qoldirib, yanada uzoq yoʻldan bordilar. Shu yerda midiyaliklar va skiflar oʻrtasida jang boʻldi. Midiyaliklar magʻlub boʻldilar, ularning qudrati sindi. Skiflar butun Osiyoda oʻz hukmronligini oʻrnatdi. Keyin skiflar Misrga yoʻnaldi. Misr podshohi Psammettix Suriya Falastinida skiflar yoʻliga hadyalar bilan peshvoz chiqib, yolvorib bosqinchilarni iziga qaytishga koʻndirdi. Skiflar ortga qaytib, Suriyaning Asqalon shahriga keldi. Skiflar oʻzlarining 28 yillik Osiyodagi hukmronliklari davrida manmanlik va beboshlik bilan hammayoqni parokanda qildi” [19:134-137].

Qadimgi Rim solnomachisi Pompey Trog ham bu tarixiy voqealarga alohida toʻxtalib oʻtgan. U qayd etgan skiflar yoʻlboshchisining ismi yanada diqqatga sazovor. “Ossuriya podshohi Nin hukmronlik tashnaligi bilan… birinchi boʻlib qoʻshnilariga qarshi urush boshladi va hali qarshilik koʻrsatishga oʻrganmagan xalqlarni Liviya chegaralarigacha boʻysundirdi. Toʻgʻri, bundan qadimgiroq davrlarda Misr podshohi Vezosis va Skifiya podshohi Tanay oʻtgan: bularning birinchisi (Vezosis) yurish qilib Pontgacha, ikkinchisi (Tanay) Misrgacha borgan” [20:3]. Bu yerda Tanay ismi Afrosiyobga berilgan Toʻngʻa nomiga juda yaqin. Har ikki ismni birlashtirgan jihat tarixning bir davrida Yaqin Sharqni egallaganidir.

 

Skiflar kimlar edi?

Ular Osiyo dashtlarining hokimi edi. Shu bilan birga Oʻrta va Yaqin Sharqqa ham oʻz hukmini oʻtkazar edi. Eron manbalari ularni “sak” (shak) degan boʻlsalar, ossuriyaliklar “ishkuz” (Iškuz – ), bobil solnomalari “ashguz” (ašguz – ), ellinlar “skuz” (Σκυθ), rimliklar “skiz” (Scyth) deb nomlashgan. Skif esa, “skiz”ning ruscha transkripsiyasidir. Xoʻsh, turkiylar ularni qanday nomlashgan. Ularning turklarga, Turonga, Afrosiyobga aloqasi bormi? Bu haqda manbalar asosida yaqindan tanib olgach xulosa qilamiz.

Skiflar Osiyo ustidan hukmronlik qilishga uch marotaba muvaffaq boʻlganlar, oʻzlari esa, yo boshqalar hukmi ostiga oʻtmaganlar yoki yengilmas boʻlib qolaverganlar [20:19]. Ular quyoshni yagona xudo deb hisoblaydilar. Quyoshga otlarni qurbonlik qiladilar, buni esa, eng tezkor maʼbudga dunyodagi eng tezgir jonivorni qurbon qilish deb tushunadilar [19:271].
Tarixiy manbalarda Afrosiyob hukm surgan, turklar va skiflar yashagan joylar bitta hududni oʻz ichiga oladi. Xususan, Ptolomeyning xaritasida, Strabonning “Geografiya”, Beruniyning “Qonuni Masʼudiy” asarlarida ham buni koʻrishimiz mumkin.

“Soʻngra Soʻgʻdiyona va nihoyat, skif koʻchmanchilari keladi… butun shimoliy tomonni egallovchi skif va koʻchmanchi qabilalar joylashgan… sharqda yashovchi qabilalar massagetlar va saklar nomi bilan ataladilar, qolganlarini umumiy skif nomi bilan ataydilar, ammo har bir qabilaning oʻz nomi bor” [21:259-261].

VII asrda arman muallif tomonidan yozilgan geografiya va kartografiyaga oid “Ashxaratsuys” ham bu argumentni qoʻllab-quvvatlaydi. “Skifiya (Ս Կ Ի Ի թ Ի ը), yaʼni Apaxtark – bu turklar yerining oʻzi. Etil (Volga) daryosidan boshlanadi, Emavon (Oltoy) togʻlariga qadar choʻziladi, ulardan keyin chenlar (Xitoy) mamlakatigacha davom etadi. Emavon togʻlari barcha togʻlardan baland va uzundir. Skifiyada 44 xalq yashaydi: soʻgʻdlar, toxarlar, eftalitlar va boshqa varvarcha nomli xalqlar. Unda togʻlar, katta daryolar, choʻl tekisliklari koʻp, jazirama va suvsiz viloyat boʻlib, u yerda olovli dala bor… Hindiston Ariyaning sharqida, Skifiyaga chegaradosh” [22:79].

Umuman olib qaraganda, XX asrgacha Yevropa manbalarida skiflar va turklarga alohida xalq sifatida qaralmagan. Jumladan, Vizantiyadan 568-yilda Turk xoqoni huzuriga elchi boʻlib borgan Zemarx safari haqida Menandr tomonidan yozilgan solnomada turklarning tilini skif tili deb ataydi: “U Zemarx oldiga keldi, rumliklar olib kelgan narsalarni bir joyga toʻpladi. Lubnon daraxti butoqlaridan olov yoqishdi, skif tilida qandaydir varvarcha soʻzlarni takrorlashdi”[23:119]. Shuningdek, mazkur manbada “Vizantiyada turklar deb ataladigan skiflar” va shu kabi ifodalar ham mavjud.
1553-yilda Italiyaning Florensiya shahrida Piyetro Perondini (Pietro Perondini) ismli muallifning Amir Temur haqida “Magni Tamerlanis Scytharum imperatoris” [25:54] (Skif imperatori Buyuk Temur) nomli asari chop etilgani ham buning yaqqol dalilidir.
IX asr Turon-Islom Rennesansi qomusiy allomasi Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy geografiyaga bagʻishlangan “Kitob surat al-arz” asarida: “Isqusiya (Skifiya) mamlakati bu Turklar yeridir. Isqusiya (qad. yunon. Σκυθία, lot. Scythia, arab. اسقوثيا — Skifiya) mamlakati bu Toʻqqizoʻgʻuzlar yeridir, oʻrtasining uzunlamasi – 1480, kenglamasi – 590301” [7:105], deya maʼlumot beradi.
Yuqoridagi ilmiy faktlarni umumlashtirgan holda, “ashguz”, “ishguz”, “skuz”, “skiz”, aslida “oʻgʻuz” nomining turli tillardagi talaffuzi degan fikrga kelishimiz mumkin. Bundan shunday xulosa kelib chiqadi: skiflar – turklardir, skiflar – oʻgʻuzlardir. Zotan, koʻplab turkiy tarixchilarning asarlarini oʻrganib chiqqanimizda Eron va Iroqni fath etib, Misrgacha borgan qadimgi Turon tojdori sifatida Oʻgʻuzxonning ismi alohida tilga olinadi. Bu esa, Afrosiyob va Oʻgʻuzxon, aslida bitta shaxs degan toʻxtamga kelishga yoʻl ochadi.

 

Afrosiyobning merosi

Abu Jaʼfar Muhammad ibn Jarir Tabariy Afrosiyobdan keyingi davr haqida shunday hikoya qiladi: “oʻsha kunlarda Bishtasb turklar podshosi Frosiyatning ukasi Xarzasf ibn Kay Savasf bilan oʻziga xos sulhga rioya qilib, tinchlik oʻrnatdi. Zardusht Bishtasbga turk podshosi bilan uzilishni buyurdi. Bu taklifni qabul qildi. Bu xabar gʻazabli Xarzasfga yetib keldi. Shuningdek, u Zardushtning eʼtiqodini qabul qilgani uchun uni tanbeh qildi va unga Zardushtni topshirishini buyurdi, aks holda u Bishtasb va uning xonadoniga hujum qilib, qonini toʻkishga qasam ichdi. Shunda Bishtasb turklar podshohining xabariga javoban haqoratli xat yozdi, urush eʼlon qildi va raqibi urush qilsa ham toʻxtamasligini maʼlum qildi” [11:72].

Avesto va uning taʼsirida yozilgan manbalarda nega Afrosiyob qora boʻyoqlar bilan tasvirlanganiga ushbu asarda javob berilgan boʻlsada, bu yerda undan ham ahamiyatga ega voqea — miloddan avvalgi VIII – VII asrlarda yashagan otashparastlik dini asoschisi Zardushtning Afrosiyobdan keyin tarix maydonida boʻy koʻrsatganidir. Shuningdek, Tabariy va Navoiyga koʻra, yuqoridagi voqealardan keyin taxtga chiqqan shoh Luhrasb Bobil podshohi Novuxudonassarga (Buxtunnasr) zamondosh. Novuxudonassarning miloddan avvalgi 587 – 539-yillarda yashagani tarixiy manbalarda qayd etilgan. Bu faktlar qadimgi Turon davlatchiligining eng mashhur (birinchisi emas) hukmdori Afrosiyob miloddan avvalgi VIII asrda yoki undan ham avvalroq yashab oʻtgani, milliy davlatchiligimiz esa kamida 3 ming yillik tarixga ega ekani haqida xulosaga kelishimizga asos boʻladi.
1. Idoraviy tizim

Turon hududida barpo etilgan koʻplab turkiy sulolalar oʻz hokimiyatlarining ligitimligi va qadimiyligini oʻzlarining Afrosiyobga aloqadorligi bilan isbotlashga harakat qilishgan. Ayniqsa, xon va qogʻon (xoqon) martabalari toʻgʻridan toʻgʻri Afrosiyobga borib taqaladi.

Xan – turklarning eng katta boshliqlari. Afrosiyobning bolalari ham xan deb yuritiladi. Afrosiyob xoqondir [4:172]. “Toʻqqiz tugʻli xon yoki xoqon – qaramogʻidagi shahar va oʻlkalar oshib ketsa ham, tugʻ toʻqqizdan oshirilmaydi. Xonning yuqori martabasi toʻqqiz bilan fol qilinadi” [4:140].
Bundan tashqari, shahzodalar va malikalarning turkiycha nomlari ham alohida ahamiyatga ega. Qatun – Afrosiyob qizlaridan boʻlganlarning nomi [3:388]. Qatun yoki xotun turkiy davlat hukmdorining ayoli sifatida keyingi davrlarda ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Jumladan, VIII asrga oid Kul Tegin bitiktoshida qatun xoqonning xotini sifatida hukmdor bilan birga, gʻarb adabiyotidagi “qirolicha”, “imperatritsa” bilan ayni maʼnoda tilga olinadi. Turk davlat boshqaruvi anʼanalarida “turkan xotun” tushunchasi ham keng yoyilgan edi.

Tegin (tӛgin) – aslida, bu soʻz qul demakdir. Soʻng bu soʻzni xoqoniya bolalarigagina xoslab atadilar. Bu ism Afrosiyob bolalariga ham qoʻllana boshlandi. Ular bir ishni, voqea, xabarni aytganda yoki yozganda otalariga hurmat yuzasidan oʻzlarini kamsitib, “qulingiz falon qildi” deb “qulingiz” oʻrnida “tӛgin” soʻzini ishlatar edilar. Soʻng bu soʻz ularga ot boʻlib qoldi. Boshqa qullardan ajratish uchun bu soʻzning yoniga yana bir narsa qoʻshib ishlatiladi [3:391].

Tarim – teginlarga va Afrosiyob avlodidan boʻlgan xotin va boshqalarga xoh katta, xoh kichik boʻlsin, “tarim” soʻzi ishlatiladi. Xoqoniya podshohlaridan boshqalar qancha katta boʻlsalar ham, bu soʻz ularga ishlatilmaydi. Podsho xotinlarining laqablari oʻrnida “altїn tarim” soʻzi ishlatiladi [3:376]. Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig”ida “oltin” soʻzi ulugʻlovchi maʼnoda ham ishlatiladi. Masalan, “podsho hazratlari”ni “elig oltini”, deydi.

Tarkan (tärkän) – viloyatlarga podsho boʻlganlarga nisbatan Xoqoniya toifasidan aytiladigan xitob [3:374].
2. Davlatlar
Afrosiyobdan bir necha asr soʻngra Turkistonning janubidagi shaharlar ahamoniylar va yunonlar tomonidan bosib olinib, zardushtiylik va ellinizimning birmuncha taʼsiriga uchragan boʻlsada, shimoldagi davlat tuzilmalari Turon gʻoyasini saqlab qoldi. Skiflar va xunlar oʻzlari haqida yetarli yozma manbalar qoldirishmagan boʻlsalar ham ularning bevosita vorisi boʻlgan Xazar va Avar xoqonliklarining hukmdorlari Afrosiyob avlodlari kabi xon va xoqon deb nomlangani tarixiy manbalarda qayd etilgan. Ayniqsa, Sariq dengizdan Qora dengizga qadar yoyilgan Turk xoqonligi Turon davlatchilik mafkurasini Yevroosiyo kengliklarida qaytadan hukmron qildi.
IX – X asrlarga kelib Turkiston hududida Islom dini bilan boshlangan yangi Rennesans Afrosiyob merosiga tayanuvchi Turon davlatchilik gʻoyasining tamal toshini qoʻygan Mahmud Koshgʻariy va Yusuf Xos Hojib kabi buyuk daholarni yetishtirdi. Ular xoqoniya adabiy tilida Turon xalqlarining ilmiy va madaniy merosi, siyosiy idorasining falsafiy asoslarini tashkil etuvchi asarlar yozdilar. Bu gʻoyaning homiylari Afrosiyob avlodidan boʻlgan Qoraxoniy xoqonlari edilar. Bu haqda yirik tarixchi Ibn Al-Asir oʻzining “Al-Kamil fit-tarix” asarida shunday yozadi: “Turkiston oʻlkasining Qoshgʻar hamda Bolasogʻun, Xoʻtan, Taroz shaharlari va Movarounnahr viloyatlariga chegaradosh hududlari turk xonlari qoʻlida. Ular Afrosiyob avlodlaridan boʻlgan musulmonlardir. Ularning ajdodi Sotuq Qora xoqon islomni qabul qilgan” [13:242].
Gʻaznaviylar sulolasi asoschilarining ismlari ham Afrosiyob avlodi shahzodalari kabi Alptegin va Sabuqtegin edi. Mashhur tarixchi Abulgʻoziy Bahodirxon “Shajarai tarokima”da saljuqiy sultonlarining shajarasi oʻttiz besh avloddan keyin Afrosiyobga ulanishini qayd etgan [18:23]. Ushbu davrda Sharqiy Osiyodagi qoraxitoylar davlatining taxtiga ham avvalboshda Afrosiyob avlodlaridan Ilk ismli faqir kishi chiqarilgani Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi” [15:115] va Abulgʻoziy Bahodirxonning “Shajarai turk”ida [17:37] qayd etilgan. Xorazmshohlar davlati asoschisining ismi ham Afrosiyob avlodi shahzodalari kabi Anushtegin edi.
Sohibqiron Amir Temur 1370-yilda parchalangan turkiy qavmlarni birlashtirib Turon nomli dunyoning eng qudratli saltanatini barpo etdi. Saltanatining sarhadlari ham Afrosiyob egallagan hududlarga monand edi. Uni Yevropada “Skif imperatori Buyuk Temur”, deya ulugʻladilar. Dunyoning turli chekkalaridan Saʼduddin Taftazoniy, Muhammad bin Jazariy, Sayyid Sharif Jurjoniy, Nizomiddin Shomiy kabi ilm va sanʼat ahlini keltirib Turon shaharlarini obod qildi. Ulugʻ saltanatning taʼlim tizimidan matematika, astronomiya, tarix, adabiyot, tasavvuf, fiqh, kalom, rassomlik, xattotlik, meʼmorchilik yoʻnalishlarida Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulugʻbek, Ali Qushchi, Sharafiddin Ali Yazdiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Usta Ali Nasafiy, Xoja Ahrori Vali, Kamoliddin Behzod, Mirak Naqqosh, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi yuzlab jahon ilm-fani va sanʼatini yuksak choʻqqilarga olib chiqqan buyuk siymolar yetishib chiqdi. Amir Temurning avlodlari esa, 1858-yilga qadar dunyoning eng kuchli saltanatlari qatorida hukm surdi.
Qadimdan turk erkaklarining ikki ismi boʻlgan. Birinchisi tugʻilganida qoʻyilgan ismi, ikkinchisi balogʻatga yetganida oladigan erlik ismi. Sohibqiron barpo etgan Turon saltanatini janubiy Osiyoda 3 asr davom ettirgan temuriyzoda podshohning tugʻilganidagi ismi Zahiriddin Muhammad boʻlib, erlik ismi oʻlaroq Bobur deya sharaflangan. Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻot ut-turk”ning original matnida “toʻngʻa” (toŋa) soʻzini arabchaga “al-babru”, yaʼni bobur, deya tarjima qilgan [5:272].
Temuriylardan keyingi davrda Turkistonda hukm surgan sulolalar ham Afrosiyob asos solgan xonlik tizimini davom ettirdilar. XVIII asr tarixchisi Muhammad Yusuf Munshiyning “Tarixi Muqimxoniy” asarida Ashtarxoniylar saltanatini Turon davlati deb ataydi. 1711 yilda Usmonli sultoni Ahmad IIIga maktub yozgan qozoq xoniTaukexon oʻzini Afrosiyob taxtiga oʻtirgan hukmdor sifatida tanishtirgan.
3. Shaharlar
Bu davlatlarning Afrosiyobga aloqadorligini koʻrsatuvchi yana bir omil aksariyatining poytaxtlari Afrosiyob tomonidan barpo etilganidadir. Tarixiy manbalar Turon hududidagi koʻplab shaharlarning juda qadimiy ekanini va avvalboshda Afrosiyob tomonidan bunyod etilganini qayd etadi.
“Qoshgʻarni Oʻrdukent – xon turadigan shahar, markaz maʼnosida qoʻllanadi. Bu shaharning havosi yaxshi boʻlgani uchun Afrosiyob shu yerda turar edi” [3:329]. Qoshgʻar Turk xoqonligi, Qoraxoniylar saltanati va keyingi davrlarda ham Turon tamaddunida muhim rol oʻnagan.
“Qaz – Afrosiyobning qizi. Qazvin shahrini shu qurgandir. Bu soʻzning asli qaz oʻyni – gʻoz oʻynaydigan joy. Chunki u shu yerda turar va oʻynar edi. Shuning uchun turklar Qazvinni turk shaharlaridan hisoblaganlar. Qum shahri chegara hisoblanadi. Chunki “qum” turkcha soʻzdir. Afrosiyobning qizi bu yerda ov qilar va oʻynar edi. Qazning otasi Toʻngʻa (Toŋa) Alp er – Afrosiyobdir. U Tahmurasdan uch yuz yil keyin Marvni bino qilgandir”.
“Baʼzilar butun Movarounnahrni turklar oʻlkalaridan deb hisoblaganlar. U Yankanddan boshlanadi. Uning bir oti Dizruyindir. U sariqligiga koʻra, mis shahri demakdir. Buxoroga yaqindir” [4:163]. Ruyin baʼzi manbalarda mis, boshqalarida bronza maʼnosida keladi. “Diz” esa, Koshgʻariy tomonidan alohida izohlangan. “Tiz – baland yer. Forslar shaharlarini shu soʻzdan diz shaklida oʻzgartib olganlar” [4:135]. Demak, “diz” turkiy tildan maʼnosi oʻzgarib forsiy tilga oʻtgan (tepalik – shahar) soʻzdir. “Shohnoma”da Afrosiyobning Ruindij (Ruyindiz – Dizruyin) shahri haqida alohida hikoya bor. Atrofidan oqarsuv oʻtgan, podshoh ov uchun kema orqali chiqadigan, devorlari osmonga tutash, ichida yaylov, ekinzor, tegirmon kabi barcha sharoitlar yaratilgan, yuz yil ichkarida yashab ham tashqariga ehtiyoj sezilmaydigan, minglab jangchilar yuz yil qamal qilib oʻqqa tutsa ham egallab boʻlmaydigan, temir xalqa ichidagi shahar deya taʼriflanadi [12:250]. Shuningdek, oʻz davrida Marv Saljuqiylar saltanatining, Yankand Oʻgʻuz yabgʻularining poytaxti, Qazvin va Qum esa, Safaviy turkmanlari saltanatining yirik shaharlari boʻlgan.
“Qaz suvi – Ila vodiysiga quyiladigan katta bir daryo. Shunday atalishining sababi – Afrosiyobning qizi uning qirgʻogʻida bir shahar qurgani va bu nom unga nisbat berilganidandir” [4:165]. “Barsgʻan – Afrosiyob oʻgʻlining nomi. Barsgʻan shahrini bino qilgan shudir” [4:424].
“Buxoro. Afrosiyob bino qilgan deganlar. Bu hisor buzilib ketib, koʻp yillar vayronligicha qoldi. Afrosiyobning goʻri Buxoroda Maʼbad darvozasida rahmatli Xoja imom Abu Hafs Kabir tepaligiga tutashgan katta tepalik ustidadir. Romtin (Romitan). Bu katta bir kuhandizga ega va mustahkam bir qishloq boʻlib, Buxorodan qadimiyroqdir. Bu qishloqni Afrosiyob bino qilgan. Afrosiyob har vaqt bu viloyatga kelganida shu qishloqdan boshqa joyda turmagan” [14:30-31]. Buxoro yaqinidagi Varaxsha shahristonidagi devor rasmlarida ham Koshgʻariy tasvirlaganidek, filga hujum qilayotgan yoʻlbars, yaʼni toʻngʻa tasviri borligi bu shaharda Alp Er Toʻngʻaning merosi asrlar davomida yashab kelganini koʻrsatadi. Buxoroyi sharif Afrosiyobning merosi va xokini oʻzida saqlab kelayotgan Turonning sharafli shahridir.
“Fargʻona bir shahri qadim va aholisi nadimdurki, avvali Afrosiyobdan qolgandur” [28:2]. “Margʻinon Afrosiyobdan qolgan bir eski shahar” [28:35]. “Qariyalar soʻzidurki, Andijon asli Odinajondur. Odinajon Afrosiyobning qizidurki, anga oʻrda va bogʻ bino qilib edi” [28:35].
“Rubʼi muskunda Samarqandcha latif shahr kamroqdur”, deyiladi Boburnomada. Baʼzi oʻrta asr manbalarida Samarqandni Makedoniyalik Iskandar bino qilgani aytilgan boʻlsada, Iskandarning Osiyoga yurishini yoritgan antik davr manbalarining barchasida Iskandar kelganida Samarqand (Marokand) shahri Transoksiananing eng yirik shaharlaridan biri sifatida mavjud boʻlgani qayd etilgan.
Alixontoʻra Sogʻuniyning “Turkiston qaygʻusi”da Samarqandning bunyod etilishi tarixi shunday tahlil qilingan: “Biroq shahar chetidagi keng maydon xarobasi “Afrosiyob” deb atalishi va bu yaqinlarda u yerdan miloddan avvalgi davr asarlari topilishi turk xoqoni Afrosiyobning poytaxti ekanini quvvatlaydi. Bunga koʻra, Samarqand shahri jahongir Iskandar Makeduniy tomonidan qurilgan, degan baʼzi tarixlarda yozilgan soʻz asossiz boʻlib qoladi” [29:23].
Aksariyat tarixiy manbalar bir ovozdan Samarqand turkiylar shahri ekanini taʼkidlaydi. Jumladan, Koshgʻariy, Bobur va boshqa bir qator olimlar Samarqandning nomini turkiy tildagi semiz kent – katta, boy shahar degan maʼnoga bogʻlagan boʻlsalar, Beruniy “Qonuni Masʼudiy”da “Samarqand, turk tilida Samar kand, yaʼni quyosh shahri” [10:576], deya izohlagan. Bu fakt antik davr manbalardagi skiflarning (oʻgʻuz) quyoshni samoviy kuch sifatida ulugʻlagani haqidagi maʼlumotlar bilan birlashtirilganda Samarqand qadim Turonning eng muhim shaharlaridan biri boʻlgan, degan xulosaga kelish mumkin.
XV asrning ilk yillarida Amir Temur saroyiga tashrif buyurgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo oʻz kundaligida Sohibqironning ona shahri Keshni tasvirlarkan, qiziq bir maʼlumotni keltiradi: “Eshikning tepasidagi devorning oʻrta qismida quyosh nuri koʻlamida aks ettirilgan sher tasviri bor. Eshikning chetlariga ham xuddi shunday suratlar chizilgan. Bu ramziy belgi Samarqand podshosining rasmiy armasi (gerbi) hisoblanadi Mazkur saroy Temurbekning buyrugʻi bilan qurila boshlagan, deb aytgan boʻlsalarda, saroy qurilishi, Samarqandning avvalgi podshosi tomonidan boshlangan boʻlsa kerak. Chunki yuqorida koʻrganimiz quyosh va sher tasviri ilgarigi Samarqand podshosining armasidir” [24:124]. Klavixo ilgarigi Samarqand podshosi deganida qancha oldingi hukmdor nazarda tutilganiga izoh bermagan. Samarqand tarixiga oid manbalarda Alp Er To‘ng‘aga qadar bunday timsol koʻzga tashlanmaydi.
Eʼtiborlisi, shundaki, aynan ushbu tasvir XVII asrda Oʻzbek xonligining Samarqand begi Yusuf Yalangtoʻshbiy tomonidan Registon maydonida qurilgan mahobatli madrasaning peshtoqida yana bir bor takrorlangan. Tasvirdagi jonivor oʻrta asrlarda har qancha sher sifatida talqin qilingan boʻlsada, tashqi koʻrinishi, rangi, tanasidagi yoʻl-yoʻl chiziqlari, boʻynining ostidan qorin qismigacha oq rangdaligi va boʻynining ustidagi yollariga qadar fanda Turon yoʻlbarsi nomi berilgan hayvon turi bilan bir xil koʻrinishga ega. Unga Koshgʻariy tomonidan toʻngʻa deb nom berilgan va Afrosiyobdan boshlab Turon bahodirlariga sharafli unvon boʻlib xizmat qilgan. Xulosa qilib aytganda, oʻgʻuzlar (skiflar) ulugʻlagan quyosh va Alp Er Toʻngʻa timsolining birlashgan tasviri Turonning tugʻrosi sifatida eng qadimgi davrlardayoq Samarqandning ramziga aylangan boʻlib, ming yillar davomida turli dinlar va madaniyatlarning taʼsiriga dosh berib, farqli siyosiy tuzumlarning bosimlarini pisand qilmay bugungacha yetib keldi.

Xulosa va takliflar
Afrosiyob yurtimiz davlatchiligiga asos solgan tarixiy shaxs boʻlib, uning hayoti, hukmronligi, shaxsiyati, oilasi va yaqinlari haqida eng qadimgi davrlardan XX asrga qadar juda koʻplab ilmiy, tarixiy, diniy va badiiy asarlarda batafsil maʼlumotlar berilgan. Shunga qaramasdan, nafaqat Oʻzbekistonda, boshqa turkiy davlatlarda ham Turon davlatchiligi tarixini Afrosiyobdan boshlash yuzasidan yetarli ilmiy oʻrganishlar amalga oshirilmagan.
Tarixchilar tomonidan Qoshgʻar, Bolasogʻun, Andijon, Samarqand, Buxoro, Marv, Qazvin kabi Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng qadimiy shaharlar Afrosiyob tomonidan bunyod etilgani qayd etilgan.
Tarixiy manbalarda Afrosiyob hukm surgan, turklar va skiflar yashagan joylar bitta hududni oʻz ichiga oladi. Sharq va gʻarbning tarix va geografiya sohasi olimlarining asarlarida skiflarning turkiy xalqlardan (toʻqqizoʻgʻuzlar) ekani tasdiqlangan. Manbalar asosida skif va oʻgʻuz nomlari bir soʻzdan shakllangan, deb xulosa qilish mumkin. Shu nuqtayi nazardan, Afrosiyob va Oʻgʻuzxon bir shaxs boʻlgani yuzasidan ilmiy tadqiqot olib borish maqsadga muvofiq.
XIX asrgacha Turkistonda hukm surgan barcha mustaqil turkiy davlatlar oʻzlarini Turon davlatidagi Afrosiyobning vorisi sifatida koʻrgan.
Samarqand shahrining Registon maydonidagi Sherdor madrasasi peshtoqidagi Turon yoʻlbarsi va inson yuzi aks etgan quyosh tasviri Afrosiyob davlatining tugʻrosi (gerbi) boʻlgan degan xulosaga kelish uchun yetarli ilmiy asoslar mavjud.
Afrosiyobning Turon davlatchiligi tarixi boʻyicha fors, arab, yunon, Rim hamda boshqa sharq va gʻarb olimlarining asarlarida yetarlicha maʼlumotlar berilgan. Ushbu mavzuda chuqur ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlar, hujjatli filmlar yaratilishi nafaqat millatimiz, balki, qardosh xalqlarning mushtarak oʻtmishi haqida beqiyos maʼrifat hosil qilishimizga xizmat qiladi.

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
1. Avesta, Sankt Peterburg, Nauka, 2005.
2. The Zend-Avesta, Part II, Oxford, at the Clarindon Press, 1883.
3. Mahmud Koshgʻariy, Devonu lugʻot ut-turk, I jild, Toshkent, Fan, 1963.
4. Mahmud Koshgʻariy, Devonu lugʻot ut-turk , III jild, Toshkent, Fan, 1963.
5. محمودبنالحسينبنمحمدالكاشغري،كتابديوانلغاتالترك،دارالجلافةالعلية — مطبعهٔعامره١٣٣٥،٠٢٧٢(Mahmud bin al-Husayn bin Muhammad al-Koshgʻariy, Kitobi devonu lugʻot ut-turk, Istanbul, Dor ul-xulofat ul-oliya, h. 1335)
6. Yusuf Xos Hojib, Qutadgʻu bilik, Toshkent, Fan, 1971.
7. Kitāb ṣūrat al-arḍ min al-mudun wa-al-jibāl wa-al-biḥar wa-al-jazāʼir wa-al-anhār istakhrajahu Abū Jaʻfar Muḥammad ibn Mūsá al-Khuwārizmī min kitāb jughrāfiyā alladhī allafahu bi-Ṭulumiyūs al-Qulūdhī. New York: Columbia University Libraries, 1962.
8. Abu Rayhon Beruniy, Tanlangan asarlar, I kitob, T.: Fan, 1968.
9. Abu Rayhon Beruniy, Qonuni Masʼudiy, Toshkent, Oʻzbekiston, 2022.
10. كتابالقانونالمسعودي (الجزءالثماني) ابيريحانمحمدبناحمدالبيرونيداءرةالمعارفالعثمانيةهيدرابادالدكنالهند،سنة،١٣٧٤ھ/ ١٩٥٥م،٥٧٦. (Abū Rayḥān Muḥammad b.Aḥmad Al-Bīrūnī, Al-Qānūnuʻl-Masʻūdī (Canon Masudicus) Vol.II, The Dāiratuʻl-Maʻārif-il-Oṣmānia, Hyderabad-Dn., Ind ia, 1955 A.D., 1374 A.H., p-576).
11. The History of Al-Ṭabarī (Taʻrikh al-rusul waʻl-muluk) ,Volumes II,III, IV, XII, XIV, XVII SUNY Press, New York.
12. Abulqosim Firdavsӣ, Shohnoma, Ҷildi II, Dushanbe, Adib, 2007.
13. Ibn al-Asir, Al-Kamil fi-t-Taʻrix, Toshkent, Oʻzbekiston, 1963.
14. Muhammad an-Narshaxiy, Tarӣx-i Buxārā, Tashkent, SMI ASIA, 2011.
15. Mirzo Ulugʻbek, Toʻrt ulus tarixi, Toshkent, Choʻlpon, 1994.
16. Alisher Navoiy, Toʻla asarlar toʻplami VIII, Toshkent, Gʻ. Gʻulom NNMIU, 2011.
17. Abulgʻoziy Bahodirxon, “Shajarayi turk”, Toshkent, Choʻlpon, 1992.
18. Abulgʻoziy Bahodirxon, “Shajarayi tarokima”, Toshkent, Choʻlpon, 1995.
19. Herodotus, with an English translation by A.D. Godley, Harvard University Press, 1975.
20. Iustinus M, Epitoma Historiarum Philippicarum Pompei Trogi, Stutgart, 1985.
21. The Geography of Strabo V, London, William Heineman Ltd., 1928.
22. Armyanskaya geografiya (Ashxaratsuys) VII vѣka po R.X. (pripisivavshayasya Moiseyu Xorenskomu) tekstʼ i perevodʼ sʼ prisovokupleniyem kartʼ i obʼyasnitelnыxʼ primѣchaniy izdalʼ K.P. Patkanovʼ. Sanktpeterburgʼ: Imperatorskoy Akademii Naukʼ, 1877.
23. The History of Menander The Guardsman, Published by Francis Cairns (Publications) Ltd, 1985.
24. Narrative of the Embassy of Ruy Gonzalez de Clavijo to the Court of Timour at Samarcand, London, The Hakluyt Society, MDCCCLIX, p-124.
25. Perondini, Pietro Magni Tamerlanis Scytharum imperatoris vita a Petro Perondino… conscripta. — Florentiae [Firenze] : s. t., 1553, 54 pp.
26. Umyankov I, Istoriya Faxreddina… 10-b;
27. Gumilev L.N, Qadimgi turklar, Toshkent Fan, 2007.
28. Isʼhoqxon Toʻra Ibrat, Tarixi Fargʻona, Toshkent, Maʼnaviyat, 2005.
29. Alixontoʻra Sogʻuniy, Turkiston qaygʻusi, Toshkent, Sharq NMIU, 2021.
30. Homidov H, Avesto fayzlari, A. Qodiriy nomidagi xalq mepoci nashriyoti, Toshkent, 2001.

 

Bir yanıt yazın